Dаvlаtning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlаnish nаtijаlаri
O‘zbekiston Respublikasini 2011 yilning to‘qqiz oyida ijtimoi-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari
Tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish jarayonini davom ettirish, ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2011 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim ustuvor yo‘nalishlarini, 2011-2015 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida islohotlarni chuqurlashtirish va ularning ko‘lamini kengaytirish dasturining amalga oshirilishi joriy yilning to‘qqiz oyida iqtisodiy o‘sishning asosiy ko‘rsatkichlarini jadal va muvozanatli rivojlantirish imkonini berdi.
I. Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar
2011 yilning to‘qqiz oyida yalpi ichki mahsulot o‘sishi 8,2 foizni tashkil qildi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 7 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini 6,8 foiz, investitsiyalar hajmini 8 foiz, qurilish ishlarini 8,1 foiz, chakana savdo aylanmasini 16,2 foiz, aholiga pullik xizmat ko‘rsatishni 14,2 foizga oshirish hisobidan iqtisodiy o‘sishning yuqori ko‘rsatkichlari ta’minlandi. Eksport hajmi 21,4 foizga ko‘paydi, tashqi savdo balansining ijobiy saldosi 3,8 milliard dollardan oshdi. Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,4 foiz profitsit bilan bajarildi.
2011 yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari: (2010 yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)
| Ko‘rsatkichlar | O‘sish sur’atlari |
| Yalpi ichki mahsulot
Sanoat mahsulotlari Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Chakana savdo aylanmasi Pullik xizmatlar Eksport | 108,2
107,0 111,4 106,8 116,2 114,2 121,4 |
II. Tarkibiy o‘zgartirishlar va yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy tarmoqlar va ishlab chiqarishlarni rivojlantirish
2011-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risidagi dasturning amalga oshirilishi shu yilning to‘qqiz oyida kimyo va neft-kimyosi (111,9 foiz), mashinasozlik va metallni qayta ishlash (111,8 foiz), qurilish materiallari (109 foiz), tibbiyot (131,3 foiz) va oziq-ovqat (114,7 foiz) sanoati kabi sohalarni jadal rivojlantirish imkonini berdi.
Hisobot davrida “Jeneral Motors Pavertreyn O‘zbekiston” qo‘shma korxonasida avtomobil dvigatellarini, “Zenit elektroniks” qo‘shma korxonasida energiya tejovchi lampalar, “Samsung” rusumidagi kir yuvish mashinalari, “NEO Sanlayt” qo‘shma korxonasida maishiy gaz plitalari, sovutgichlar, “Rav Ekspress” (Toshkent shahri) mas’uliyati cheklangan jamiyatida maishiy elektr texnika uchun tozalagich mis trubkalar, “Vayt Meshin Teknoloji” (Nukus shahri) qo‘shma korxonasida maishiy elektr chang yutgichlar, “Avtosanoatplast” (Chust shahri) mas’uliyati cheklangan jamiyatida avtomobillar uchun injeksion quyish uslubi yordamida plastik detallar, avtomobillar uchun rezina zichlagichlar (Andijon shahri), “O‘zkabel” ochiq aksiyadorlik jamiyati qo‘shma korxonasi va “Andijon kabel” qo‘shma korxonasida yangi turdagi kabel-o‘tkazgich mahsulotlar, “O‘zmetkombinat” ochiq aksiyadorlik jamiyatida elektr uzatmalar uchun ko‘p funksiyali energiya tejovchi qurilmalar, “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyatida yangi va zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikasi, “O‘z-Teksako” qo‘shma korxonasida sintetik motor moylari, avtomobil simlari, diodli yorug‘lik lampalari, kosmetika mahsulotlari, gigiyena vositalari (“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi) va boshqa qator mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi yuqori texnologik quvvatlar ishga tushirildi.
Kuchlanish transformatorlari, kompressorlar, akkumulatorlar, yuqori voltli elektr apparaturasi, kabel-o‘zkazgich mahsulotlar, kaliy o‘g‘itlari, dori-darmonlar va boshqa yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish sezilarli darajada ko‘paydi. Bu esa sanoatda uning asosiy tarmoqlarini diversifikatsiya qilishga qaratilgan tarkibiy o‘zgarishlar jarayoni chuqurlashganidan dalolatdir.
Raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va ularning turlarini kengaytirishga doir amalga oshirilgan rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlar natijasida shu yilning yanvar-sentabrida iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish 11,4, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish 14,2 va nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish 9,4 foizga o‘sdi.
Yengil avtomobillar (3,2 foizga), bolalar velosipedlari (1,6 barobar), paypoq buyumlari (1,9 barobar), dorivor vositalar (1,6 barobar), o‘quvchilar daftarlari (2,6 barobar), un (28,4 foiz), yorma (3,5 barobar), margarin mahsulotlari (1,7 barobar) va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi oshdi.
Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida tijorat banklari tomonidan ishlab chiqaruvchi korxonalarga texnologik uskunalar, xomashyo va materiallar xarid qilish uchun 1194 milliard so‘m, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 590,2 milliard so‘m (o‘sish 1,4 barobar) va nooziq-ovqat iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish uchun 603,8 milliard so‘m (1,7 barobar) miqdorida kreditlar ajratildi.
Hududlarning sanoat salohiyatini oshirish dasturlari doirasida joriy yilning to‘qqiz oyi davomida iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish bo‘yicha 740 loyiha (ushbu davr prognoziga ko‘ra 107,6 foiz), jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 399 loyiha (105,6 foiz) va nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 341 loyiha (108,6 foiz) amalga oshirildi.
Shu yilning o‘tgan davri mobaynida 2011-2013 yillarda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida 1052 loyiha amalga oshirildi va ular bo‘yicha 5052,4 milliard so‘mlik yoki 2010 yilning shu davriga qaraganda 19,8 foiz ko‘p mahsulot ishlab chiqarildi. Import o‘rnini bosishning hisob-kitob qilingan samarasi 3 milliard dollardan oshdi.
Iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakatimiz hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish, shu jumladan eksport qilinadigan mahsulotlar turlarini kengaytirish va ularni ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, an’anaviy sotish bozorlaridagi pozitsiyalarni mustahkamlash va yangi tashqi bozorlarni o‘zlashtirishga doir ko‘rilgan faol chora-tadbirlar natijasida tovar va xizmatlar eksporti 21,4 foizga o‘sdi.
Eksport qilinadigan asosiy guruh tovarlari nuqtai nazaridan oziq-ovqat mahsulotlari eksporti (167,7 foiz), kimyo tovarlari (138,7 foiz), qora va rangli metallar (134,2 foiz), mashina va uskunalar (162,6 foiz), xizmatlar eksporti (130,3 foiz) yuqori sur’atda o‘sdi. Natriy selitrasi, poliakrilamid, yuk avtomobillari, jez prokat, kompozit panellar, gipsokarton buyumlar, tez muzlatilgan mahsulotlar va boshqa yangi turdagi tovarlar eksport qilindi.
2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risidagi dasturning amalga oshirilishi hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishi hisobot davrida bank tizimi jami kapitalini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30,9 foiz, mijozlarning jalb qilingan banklardagi depozitlarini 48,5 foiz, kredit tashkilotlarida aholi mablag‘larini 1,5 barobar ko‘paytirish imkonini berdi. 2011 yilning 1 oktabr holatiga ko‘ra, kredit tashkilotlarida aholi depozitlari umumiy miqdoridagi muddatli va jamg‘arma omonatlari ulushi 87,3 foizni tashkil qildi va bu banklar jami aktivlarini 33,5 foizga oshirish imkonini berdi. Banklar resurs bazasining oshirilishi ularni iqtisodiyotning real sektori korxonalariga kredit ajratish imkoniyatini kengaytirdi: banklarning real sektorga yo‘naltirilgan kapital qo‘yilmalari qoldiqlari 35,6 foizga o‘sdi.
Bundan tashqari, ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun joriy yil to‘qqiz oyida tijorat banklari tomonidan jami 3,2 trillion so‘mlik yoki 2010 yilning shu davriga qaraganda 34 foiz ko‘p kredit ajratildi. Tijorat banklari eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvvatlash maqsadida aylanma kapitalni to‘ldirish uchun 258,3 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratdi.
III. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini jadal yangilash
2011 yilning to‘qqiz oyida iqtisodiyotda o‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmi 12215,9 milliard so‘mni tashkil qildi va qiyosiy narxlarda 8 foizga oshdi. O‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmi 2010 yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada – Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 46,1 foiz, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kreditlari hisobidan 1,8 barobar, tijorat banklari kreditlari hisobidan 45,5 foiz, aholi mablag‘lari hisobidan 27,8 foizga o‘sdi.
2011 yilning yanvar-sentabr oylarida respublika bo‘yicha 828 ishlab chiqarish obyekti, jumladan, oziq-ovqat sanoatida 279, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 234, yengil sanoatda 201, yog‘ochni qayta ishlash sanoatida 36, mashinasozlik sanoatida 12, kimyo sanoatida 8, farmatsevtika sanoatida 3 va boshqa tarmoqlarda 55 obyekt foydalanishga topshirildi.
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududida ishga tushirilgan korxonalar tomonidan joriy yilning 9 oyida umumiy qiymati 23,3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
2008-2012 yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturi doirasida umumiy uzunligi 10530,2 kilometr xo‘jaliklararo va xo‘jalik ichidagi kollektor-drenaj tarmoqlarida jami 59 milliard so‘mdan ortiq ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, 585,6 kilometrlik yopiq gorizontal drenaj tarmoqlarida, 9 melioratsiya nasos stansiyalari, 627 melioratsiya quduqlari va boshqa melioratsiya obyektlarida tiklash ishlari bajarildi. Natijada qariyb 1 million gektar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati yaxshilandi, 350 ming gektar maydonda sizot suvlar sathi pasaytirildi.
Qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini texnik va texnologik jihatdan yanada yangilash maqsadida 2011 yilning to‘qqiz oyi mobaynida 164,1 gektar maydonda 416 ta issiqxona tashkil etildi, 14,6 ming gektar maydonga yangi mevali daraxtlar ekildi, shu jumladan 2,5 ming gektar maydonda intensiv bog‘lar, 5,3 ming gektar maydonda uzumzorlar barpo etildi. Meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash bo‘yicha moddiy-texnika bazani mustahkamlash va rivojlantirishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida 45,9 ming tonna sig‘imga ega 38 ta yangi muzlatish kamerasi tashkil etildi, 10,5 ming tonna sig‘imga ega 17 ta muzlatish kamerasi modernizatsiya qilindi.
Shu yilning to‘qqiz oyida 4871,5 ming tonna sabzavot (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 111 foiz), 1370,4 ming tonna kartoshka (110,6 foiz), 933,4 ming tonna poliz mahsulotlari (109 foiz), 1256,5 ming tonna meva (110,3 foiz), 723,2 ming tonna uzum (112 foiz) yetishtirildi. Jami 550,7 ming tonna meva-sabzavot (131,6 foiz) eksport qilindi.
Joriy yil boshidan buyon 12,7 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan 408 chorvachilik xo‘jaligi, 2,5 millionta parranda boqish uchun mo‘ljallangan 608 parrandachilik xo‘jaligi, 2379 gektar sun’iy havzalarda 624 baliqchilik xo‘jaligi tashkil etildi. Chorva mollari sotib olish uchun tijorat banklari tomonidan qiymati 48,8 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2011 yilning to‘qqiz oyida qoramollar umumiy soni 9428,2 ming boshga yetdi yoki o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 6 foizga ko‘paydi, 1132,8 ming tonna go‘sht (6,9 foiz), 4910,4 ming tonna sut (7,2 foiz), 2562,6 million dona tuxum (13 foiz) tayyorlandi.
Oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida shu yilning to‘qqiz oyi mobaynida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha 124, jumladan, go‘shtni qayta ishlash bo‘yicha 39 (yiliga 7 ming tonna go‘shtni qayta ishlash quvvatiga ega), sutni qayta ishlaydigan 58 (25,1) va meva-sabzavotlarni qayta ishlaydigan 27 (8,8) korxona, shuningdek, sut qabul qiladigan 56 servis punkti tashkil qilindi.
Xizmat ko‘rsatish va servis sohasida infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarning joriy etilishi ko‘rsatilgan xizmatlar hajmini 12,9 foizga oshirish imkonini berdi. Xususan, mobil aloqa, internet-aloqadan foydalanuvchi abonentlar sonining ko‘payishi, shuningdek, ATSlarni raqamlashtirish darajasining oshishi natijasida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 41,6 foizga o‘sdi. Mikro va iste’mol kreditlarini rivojlantirish, to‘lov tizimini takomillashtirish, shuningdek, moliya infratuzilmasi institutlarini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar moliya xizmatlari hajmini 23,5 foizga oshirish imkonini berdi. 4 mingdan ziyod yangi chakana savdo va umumiy ovqatlanish korxonasining tashkil etilgani tegishli xizmatlarni 18,9 foizga ko‘paytirishga yordam berdi. Texnika, avtomobillarni ta’mirlash bo‘yicha servis punktlaridan samarali foydalanish, shuningdek, gaz ballonlarini o‘rnatish xizmatlarining kengaytirilishi avtomobil hamda boshqa texnikani ta’mirlash xizmatlarini 19,2 foizga oshirishni ta’minladi. 1657 maishiy xizmat ko‘rsatish obyektining tashkil etilishi esa maishiy xizmatlar ko‘rsatishni 19 foizga oshirishga yordam berdi.
Shu bilan birga, qishloq joylarda ham ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi jadal sur’atda oshmoqda. 2551 chakana savdo obyekti, 300 umumiy ovqatlanish obyekti va maishiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 1363 korxonaning ishga tushirilishi natijasida qishloq joylarda qariyb 145,2 mingta ish o‘rni tashkil etildi.
IV. Infratuzilma, transport va kommunikatsiyalar qurilishini kompleks va jadal rivojlantirish
2011 yilning to‘qqiz oyida xalqaro va davlat ahamiyatiga ega umumfoydalanish avtomobil yo‘llarini, shu jumladan O‘zbekiston milliy avtomagistrali uchastkalarini qurish va rekonstruksiya qilish obyektlarida 234,8 kilometr avtomobil yo‘lini asfalt-beton bilan qoplash ishlari bajarildi. Shundan A-380 “G‘uzor-Nukus-Qo‘ng‘irot-Beynov” avtoyo‘lining 77,5 kilometri va A-373 “Toshkent-O‘sh” avtoyo‘lining 46,4 kilometrida ishlar yakunlandi. Uzunligi 69 pogonmetr ikkita, jumladan, Qashqadaryo viloyatida 2 kilometrlik 4R87 “G‘uzor-Chim-Ko‘kdala” avtoyo‘li va Toshkent viloyatida 109 kilometrlik “Guliston-Ohangaron” avtoyo‘lida yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston milliy avtomagistrali bo‘ylab yo‘l yoqasida infratuzilma va servisni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga muvofiq hisobot davrida yo‘l yoqasida 34 infratuzilma va servis obyekti ishga tushirildi.
“2011-2015 yillarda infratuzilma, transport va kommunikatsiyalar qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish dasturi“ning ijrosi doirasida joriy yilning to‘qqiz oyida umumiy qiymati jami 176,4 million dollarga teng kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi, 54 kilometrlik temir yo‘l tiklandi, 192 yuk va 7 yo‘lovchi tashish vagonlari tayyorlandi.
Hisobot davrida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi samolyotlarida 1,6 million nafar yo‘lovchi tashildi va bu ko‘rsatkich 2010 yilning shu davriga nisbatan 11,6 foizga oshdi. “Navoiy” intermodal logistika markazi orqali 37,8 ming tonna yuk tashildi. “Angren logistika markazi” yopiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Qamchiq” dovoni orqali Farg‘ona vodiysi yo‘nalishida amalga oshirilgan yuk tashish hajmi 4,2 million tonnani tashkil qildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,34 baravar ko‘pdir.
2011 yilda uy-joy qurilishini rivojlantirish dasturi doirasida joriy yil boshidan buyon qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida maydoni 875,1 ming kvadrat metrlik 5966 ta yakka tartibdagi turar-joylar qurildi. Uy-joy qurilishi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida joriy yilning yanvar-sentabr oylarida mahalliy xomashyo resurslari va komponentlaridan foydalangan holda qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha 226 ta yangi korxona ishga tushirildi. Devorbop materiallar ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish va sifatini yaxshilash maqsadida 125,5 million dona g‘isht ishlab chiqarish quvvatiga ega 40 ta g‘isht ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi, pishiq g‘isht tayyorlash bo‘yicha 28 ta obyekt modernizatsiya qilindi.
Uy-joy qurilishini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 9 oyi davomida respublika bo‘yicha barcha manbalar hisobidan jami 7400,7 ming kvadrat metr, shu jumladan qishloq joylarda 5776 ming kvadrat metr turar-joy foydalanishga topshirildi. 2194,2 kilometr, jumladan, qishloq joylarda 1934 kilometr suv tarmoqlari ishga tushirildi.
V. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, maksimal darajada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish
Joriy yilning 9 oyida “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining tadbirkorlik subyektlarini tekshirishlarni qisqartirish, ro‘yxatga olish va ularning elektr tarmoqlariga ulanish tartibini soddalashtirish, davlat xaridlari tizimidan foydalanishini kengaytirish, davlat boji stavkalarini kamaytirish, yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun ishlatilmayotgan davlat mulki obyektlari va yer maydonlarini ajratishga qaratilgan 20 dan ortiq qarori qabul qilindi.
Tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar hajmi 3,1 trillion so‘mdan, shu jumladan mikrokreditlar hajmi 613,3 milliard so‘mdan oshdi yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 baravar ko‘paydi. Xususan, olis va ortiqcha mehnat talab qiladigan hududlar tadbirkorlariga 20,9 milliard so‘m imtiyozli kreditlar berildi, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga o‘z biznesini tashkil etishi uchun 20,3 milliard so‘m, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishga 251,9 milliard so‘m kreditlar ajratildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida kichik biznes subyektlari tomonidan birja savdolarida qiymati 2111 milliard so‘mlik shartnomalar tuzildi, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘p bo‘lib, birja aylanmasi umumiy hajmining 56 foizini tashkil etdi. Ular o‘z ishlab chiqarish faoliyatini ta’minlash uchun birja savdolari orqali qiymati 1659,3 milliard so‘mlik tovar xarid qildi (o‘sish 21,8 foiz) va 451,7 milliard so‘mlik (1,9 barobar ko‘p) o‘zi ishlab chiqargan tovarlarni sotdi.
Hisobot davrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga obyektlarni sotish va ijaraga berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida umumiy qiymati 80,3 milliard so‘m va 67,9 million dollarga teng 76 ta davlat aktivi sotildi, davlat mulkining 13 ming 820 ta bo‘sh yotgan obyektlari ijaraga berildi.
Umuman, respublika bo‘yicha joriy yilning 9 oyi davomida 33 mingta yangi kichik biznes subyektlari tashkil etildi. Joriy yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 50,5 foiz (2010 yilning 9 oyida 48,5 foiz), sanoatda – 20,7 foiz (18,7 foiz), eksportda – 16,2 foiz (12,3 foiz), bandlikda – 74,2 foizni (73,6 foiz) tashkil etdi. Kichik biznesda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlari 126,5 foizni tashkil etdi va bu sanoat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqoridir.
VI. Bandlikni ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratish muammosining izchil hal etilishi
Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida hududiy dasturlarga muvofiq 815,4 mingta ish o‘rinlari yaratildi, ularning 512,4 mingtasi (jami miqdordan 62,8 foiz) qishloq joylarga to‘g‘ri keldi. Ish joylarining aksariyat qismi – 519,7 mingtasi (63,7 foiz) kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida, jumladan, 226,6 mingdan ortig‘i xizmat ko‘rsatish va servis sohasida tashkil etildi.
Kasanachilikning turli shakllarini kengaytirish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi hisobidan 191,9 mingta, shu jumladan korxonalar bilan kooperatsiya asosida – 55,8 mingta, pudrat shartnomalari va oilaviy biznes asosida – 136,1 mingta ish o‘rni yaratildi.
Joriy yilning to‘qqiz oyida o‘rtacha oylik ish haqi va pensiyalarning barqaror o‘sish darajasi saqlab qolindi va 2010 yilning shu davriga nisbatan tegishli ravishda 28,5 va 22,7 foizga oshdi.
O‘tgan davr mobaynida ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga doir chora-tadbirlar amalga oshirildi. 7,7 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 38 ta yangi umumta’lim maktablari foydalanishga topshirildi, 38,2 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan 119 maktab rekonstruksiya qilindi, 137 ta maktab kapital ta’mirlandi, 2,1 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 2 ta akademik litsey, 2 ta tasviriy va amaliy san’at litsey-internati, 1,8 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 12 ta kasb-hunar kolleji barpo etildi va rekonstruksiya qilindi, 26 ta o‘rta maxsus ta’lim muassasasi kapital ta’mirlandi.
Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan parlament palatalarining 2010 yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida belgilab berilgan demokratik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarning mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha tanlangan o‘z modelimiz bilan uyg‘unlikda va izchil amalga oshirilishi 2011 yilning to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha iqtisodiyotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash imkonini berdi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada modernizatsiya qilish va uning raqobatbardoshligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va shu asosda aholi bandligi hamda daromadlarini uzluksiz yuksaltirishni ta’minlashga qaratilgan islohotlarni chuqurlashtirish va ko‘lamini kengaytirish yaqin istiqbolda iqtisodiyotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashga qaratilgan iqtisodiy siyosatning asosiy vazifasi bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi




