Kengaytirilgan qidiruv

Ijtimoiy himoya


O‘zbekistonda mustaqillik yillarida aholini har tomonlama ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan islohotlar peshma-pesh hayotimizga joriy qilinayapti. Bu borada qonunlar, hukumat, Prezident qaror va farmonlari qabul qilinib, ijrosi ta’minlanayapti.

1997 yildan boshlab har yil mamlakatimizda ma’lum bir nom bilan atalib, kuchli ijtimoiy siyosat olib borilmoqda.

1997 yil yurtimizda “Inson manfaatlari yili”, 1998 yil — “Oila yili”, 1999 yil — “Ayollar yili”, 2000 yil — “Sog‘lom avlod yili”, 2001 yil — “Onalar va bolalar yili”, 2002 yil — “Qariyalarni qadrlash yili”, 2003 yil — “Obod mahalla yili”, 2004 yil — “Mehr-muruvvat yili”, 2005 yil — “Sihat-salomatlik yili”, 2006 yil — “Homiylar va shifokorlar yili”, 2007 yil — “Ijtimoiy himoya yili” deb e’lon qilindi.

Jumladan, 2006 yilni mamlakatimizda “Homiylar va shifokorlar yili” deb e’lon qilinganidan ko‘zlangan asosiy maqsad — jamiyatimizda mehr-oqibat, o‘zaro hamjihatlik muhitini mustahkamlash, onalik va bolalikni himoya qilish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, shifokorlik kasbining nufuzini oshirish bo‘yicha oldingi yillarda boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish va ularni yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish borasida amalga oshirilgan ishlarni hamda beminnat homiylik yordami ko‘rsatish, beva-bechora va yetim-esirlarning boshini silash, muhtoj va kam ta’minlangan toifalarga ko‘mak berish kabi xalqimizga xos fazilatlarni hayotimizda milliy qadriyat darajasiga ko‘tarish. Mazkur yilda alohida davlat dasturi asosida muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga davlat va nodavlat tashkilotlari va homiylar ko‘magida 10 milliard so‘mlikdan ziyod qoramol olib berilgani, 2 ming nafar yolg‘iz keksa va 66 ming kam ta’minlangan oilaning 3 million 570 ming kvadrat metr uy-joyi ta’mirlab berilgani, 23 ming nafar qarovchisiz qariya va nogiron kishilarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatilgani, respublikamizdagi barcha “Saxovat” va “Muruvvat”, ”Mehribonlik” uylari hamda maxsus maktab-internatlarga homiylar tomonidan 3,5 milliard so‘mlik moddiy yordam berilgani, 725 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisi 16 milliard so‘mlikdan ziyod kiyim-bosh bilan ta’minlangani, 521 ming nafar bolaga qariyb 15 milliard so‘mlik dars¬lik va o‘quv qurollari sovg‘a sifatida berilgani, “Homiylar va shifokorlar yili”da hammasi bo‘lib 284 milliard so‘m, jumladan, 133 milliard so‘m byudjet mablag‘i, 151 milliard so‘mdan ziyod idora va tashkilotlar, homiylar mablag‘lari sarflangani alohida diqqatga sazovordir.

2007 yilni yurtimizda “Ijtimoiy himoya yili” deb nomlashga va shu asosda davlat dasturi ishlab chiqib, undagi ustuvor vazifalarni ertangi kun hayotida ijro etishda qanday insoniy maqsadlar bor?

Sir emas, bugun aksariyat ilg‘or mamlakatlarda davlat tomonidan fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha katta tajriba to‘plangan. Pensiya ta’minoti, aholining nochor qatlamiga davlat tomonidan ajratiladigan turli shakldagi to‘lovlar shular jumlasidan. Ammo... O‘zbekistonda bizning kuchli ijtimoiy muhofaza borasidagi islohotlarimiz mazmun-mohiyati faqat shular bilangina chegaralanmaydi. Tasavvur qiling, qarovchisi bo‘lmagan yolg‘iz qariya betoblanib qoldi. To‘g‘ri, davlat tomonidan unga mablag‘ — moddiy yordam ajratilayapti. Uyida osh-nonga ham, dori-darmonga ham yetarlicha puli bor.

Biroq na bozorga, na dorixonaga chiqib, ehtiyoji uchun zarur narsalarni olib kelishga majolu madori yetmaydi. Xo‘sh, bu holda uni kim ijtimoiy himoya qiladi? Kim bir kosa issiq ovqatu ikki og‘iz shirin so‘z bilan holidan xabar oladi, ko‘nglini ko‘taradi? Buni Davlatimiz rahbari Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 14 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi o‘z ma’ruzasida quyidagicha izohladi: “O‘z-o‘zidan ravshanki, ijtimoiy himoya masalasi — bu faqat davlat va hokimiyat tashkilotlari, ijtimoiy ta’minot va xayriya muassasalarining ishi bo‘lib qolmasligi lozim. “Ijtimoiy” degan so‘zning ko‘pchilikka, jamoatchilikka mansub degan ma’noni ifoda etishini inobatga oladigan bo‘lsak, bu o‘ta muhim masala jamiyatimizning, barchamizning burchimizga aylanishi darkor.” Ha, davlatimizning ijtimoiy himoya siyosati xuddi mana shunday qarash va yondoshuvga asoslanadi. Ya’ni ijtimoiy himoya nafaqat davlat, balki jamiyat tomonidan ham ongli ravishda amalga oshirilsa, bu borada ko‘zlagan maqsadlarimiz samarasi yuqori bo‘lishi tabiiy.

Mana, o‘tgan keyingi 3-4 yillik hayotimizni tahlil etaylik. Davlat islohotlari natijasida aholining ishsiz qatlami ijtimoiy muhofazalandi, ehtiyojmand insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatildi, kam ta’minlangan oilalarga imtiyozli kreditlar ajratildi, chorva mollari berildi, kasanachilik yo‘lga qo‘yildi, mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan nochor fuqarolar moddiy va ma’naviy ko‘mak bilan ta’minlandi va hokazo. Xo‘sh, bu jarayonda jamiyatning ishtiroki qanday bo‘ldi? Umuman, ijtimoiy himoya ishi odamlarga — jamiyatga qanday vazifalarni yuklaydi? Aytish joizki, ijtimoiy himoya, mehr-muruvvat, saxovat tushunchalari til boyligimizda kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Buning tarixiy ildizlari necha ming yillik uzoq o‘tmishimizga borib tutashadi. Shu ma’noda jamiyatni ijtimoiy muhofaza yo‘nalishidagi xayrli ishlarga jalb qilish emas, balki bizda bu sohada qadimdan mavjud bo‘lgan milliy an’analarni yanada kuchaytirish lozim.

Hullas, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Ijtimoiy himoyaning asosiy maqsadi aholi farovonligining to‘xtovsiz yaxshilanishini ta’minlash, aholi qatlamlarining ta’lim, madaniyat, kasb malakasi, daromadlari jihatidan keskin tafovutlariga barham berish, jamiyat tomonidan insonga munosib hayot darajasini va inson taraqqiyotini ta’minlashga yordam berishdan iboratdir.

Qo'shimcha ma'lumotlar manbai: