Kengaytirilgan qidiruv

Samimiy qutlovlar


03.09.2010

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti
Islom Karimov Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

1 sentyabr – O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kunining 19 yilligi nishonlanishi munosabati bilan YuNESKO va shaxsan o’z nomimdan yo’llayotgan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

Ushbu imkoniyatdan foydalanib, O’zbekiston YuNESKO dasturlarida faol ishtirok etayotgani, Tashkilotimiz vazifalarini izchil bajarishga, jumladan, madaniyat sohasidagi maqsadlariga erishishga mamlakatingiz ulkan hissa qo’shayotgani uchun Sizga alohida minnatdorlik izhor etaman.

YuNESKOning O’zbekiston bilan yaqin hamkorligi 1993 yilda boshlangan. Mamlakatingiz hukumati tashabbusi bilan Tashkilot Ijroiya kengashi o’zining 154-sessiyasi yakuniy majlisini Toshkentda o’tkazgan 1998 yildan ikki tomonlama hamkorlik yangi rivojlanish pallasiga kirdi. Ma’lumki, ushbu tadbir doirasida Tinchlik madaniyati bo’yicha muhim rezolyutsiya – “Toshkent deklaratsiyasi” deb nom qozongan hujjat qabul qilindi. Shu bilan birga, mamlakatingiz tomonidan madaniyatlararo muloqotni yanada kengaytirish va Buyuk ipak yo’li bo’yidagi davlatlarning yanada yaqin hamkorligini rivojlantirish borasida ilgari surilgan ko’plab tashabbuslar ham tahsinga sazovordir. Buyuk ipak yo’lini tiklashga qaratilgan qator tadbirlar YuNESKO shafe’ligidagi ikkinchi toifali institut sifatida 1995 yilda Samarqand shahrida asos solingan Xalqaro Markaziy Osiyo tadqiqotlari institutining loyihalari bilan amalga oshirilganini qayd etish menga tom ma’noda ulkan mamnuniyat baxsh etadi.

Ishonchim komilki, Sizning dono rahnamoligingiz va oqilona rahbarligingiz bilan O’zbekiston YuNESKOning a’zosi, jumladan, YuNESKO Ijroiya kengashining yetakchi a’zosi sifatida Tashkilot oldidagi vazifalarni bajarishda faollik ko’rsataveradi, mamlakatingiz bilan YuNESKO o’rtasidagi a’lo darajadagi munosabatlar bundan buyon ham samarali rivojlanib boraveradi. Sizni ishontirib aytamanki, bu maqsadlarga erishish uchun o’zimning bor kuch-g’ayratimni safarbar etishga tayyorman.

Mamlakatingiz mustaqilligining 19 yilligi munosabati bilan Sizga va O’zbekiston xalqiga yana bir bor o’zimning samimiy tabriklarimni izhor etaman, Siz, Janobi Oliylariga bo’lgan yuksak hurmat-ehtiromimni qabul qilishingizni so’rayman.

Irina Bokova,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti
Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo’yicha tashkiloti
Bosh direktori

***

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti
Islom Karimov Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

O’zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan Latviya xalqi nomidan Sizga va O’zbekiston xalqiga chin dildan eng ezgu tabriklarni yo’llash menga katta sharaf va mamnuniyat baxsh etadi.

Fursatdan foydalanib, mamlakatlarimiz o’rtasida qaror topgan do’stona munosabatlar yil sayin rivojlanib, ravnaq topib boraveradi, deb ishonch bildirishga ijozat bergaysiz.

Janobi Oliylari, Sizga bo’lgan yuksak hurmat-ehtiromimni hamda O’zbekiston Respublikasi xalqiga farovonlik va ravnaq tilab bildirgan istaklarimni qabul qilgaysiz.

Ehtirom ila,

Valdis Zatlers,
Latviya Respublikasi Prezidenti

***

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti
Islom Karimov Janobi Oliylariga

Muhtaram Islom Abdug’aniyevich!

O’zbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan yo’llayotgan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

Ishonchim komilki, mushtarak madaniyat va an’analar bilan bog’langan Qozog’iston va O’zbekiston ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo’lida o’zaro foydali hamkorlikni mustahkamlab va rivojlantira borib, doimo do’stlik va yaxshi qo’shnichilik rishtalariga sodiq qoladi.

Shubha yo’qki, avval erishilgan kelishuvlarni hayotga joriy etish borasidagi ishlarimiz yaxshi qo’shnichilik va bir-birining manfaatlarini hurmat qilishga asoslangan Qozog’iston-O’zbekiston munosabatlarini yanada mustahkamlashga munosib hissa bo’lib qo’shiladi.

Muhtaram Islom Abdug’aniyevich, Sizga mustahkam sihat-salomatlik va faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, O’zbekiston xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilashga ijozat bergaysiz.

Samimiy tilaklar ila,

Nursulton Nazarboyev,
Qozog’iston Respublikasi Prezidenti

***

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti
Islom Karimov Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

Mamlakatingiz Mustaqillik kunining 19 yilligi munosabati bilan shaxsan o’z nomimdan va Afg’oniston xalqi nomidan Siz, Janobi Oliylariga va O’zbekiston Respublikasining do’st, birodar xalqiga chin dildan eng samimiy tabriklarimni izhor etish menga mamnuniyat baxsh etadi.

Biz Afg’oniston bilan O’zbekiston Respublikasi o’rtasidagi kun sayin rivojlanib, mustahkamlanib borayotgan do’stona munosabatlarni qo’llab-quvvatlaymiz, hamkorligimizning kengayishi bizga quvonch bag’ishlaydi.

O’zbekiston Respublikasi bilan yaxshi qo’shnichilik va o’zaro hurmat tamoyillariga asoslangan do’stona munosabatlarni yuksak qadrlaymiz, bu munosabatlar siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda yanada ravnaq topishining tarafdorimiz.

Janobi Oliylari, Sizga mustahkam sihat-salomatlik va muvaffaqiyatlar, O’zbekistonning do’st va birodar xalqiga baxt-saodat va ravnaq tilayman.

Hamid Karzay,
Afg’oniston Islom Respublikasi Prezidenti

***

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti
Islom Karimov Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

Mamlakatingizning milliy bayrami – O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni munosabati bilan Mo’g’uliston xalqi va shaxsan o’z nomimdan Sizni va Siz orqali O’zbekistonning do’st xalqini samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

Mo’g’uliston bilan O’zbekiston, mamlakatlarimiz xalqlari o’rtasidagi ikki tomonlama do’stona munosabatlar va o’zaro manfaatli hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanib, kengayib borayotganini ta’kidlash menga alohida mamnuniyat baxsh etadi.

ShHTning joriy yil iyun oyida Toshkentda o’tgan sammiti asnosida Siz bilan bo’lgan uchrashuvimiz va suhbatlarimiz menda unutilmas taassurot qoldirdi. Biz kelgusi 2011 yilda mamlakatlarimiz o’rtasida diplomatiya munosabatlari o’rnatilganining yigirma yilligini nishonlash arafasida turibmiz. Shu munosabat bilan Sizni o’zingiz uchun qulay vaqtda Mo’g’ulistonga tashrif buyurishga taklif etaman.

Sizga, muhtaram Prezident Janobi Oliylari, kattadan-katta muvaffaqiyatlar va sihat-salomatlik, O’zbekistonning do’st xalqiga taraqqiyot va ravnaq tilayman.

Kamoli ehtirom ila,

Saxiagiyn Elbegdorj,
Mo’g’uliston Prezidenti

***

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti
Islom Karimov Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu!

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

O’zbekiston Respublikasi o’z Mustaqillik kunini nishonlayotgani munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabriklarimni yo’llash, Sizga mustahkam sihat-salomatlik va baxt-saodat, O’zbekiston xalqiga Sizning dono rahnamoligingizda yanada ravnaq va farovonlik tilash menga ulkan mamnuniyat baxsh etadi.

Ushbu qulay fursatdan foydalanib, xalqlarimiz o’rtasidagi islomiy birodarlik rishtalarini yuksak qadrlashimni hamda mamlakatlarimiz xalqlari va butun musulmon ummatining farovonligi yo’lida o’zaro hamjihatligimizni mustahkamlash va munosabatlarimizni rivojlantirish uchun Siz, Janobi Oliylari bilan hamkorlikni davom ettirishga intilishimni ta’kidlashga ijozat bergaysiz.

Kamoli ehtirom ila,

Muhammad VI,
Marokash Podshohi

***

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti
Islom Karimov Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

O’zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga yo’llayotgan samimiy tabriklarimni hamda Sizga sihat-salomatlik va baxt-saodat, O’zbekiston Respublikasi va uning xalqiga taraqqiyot va ravnaq tilab bildirgan istaklarimni qabul qilgaysiz.

Pumipon Adulyadet,
Tailand Qiroli


Manba: O`zA