Huquqiy madaniyatni yuksaltirish yo‘lida
27.01.2012
Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan taqdim etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida huquqiy davlat asoslarini yanada takomillashtirish va aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasida muhim vazifalar belgilangan. Mamlakatimizda mazkur vazifalarning ijrosini ta’minlash borasida izchil va tizimli ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda huquqiy adabiyotlarning o‘rni va roliga bag‘ishlab o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri N.Yo‘ldoshev, Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari M.Rajabova, Oliy sud raisi B.Mustafoyev, Konstitutsiyaviy sud raisining o‘rinbosari B.Mirboboyev, Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov va boshqalar istiqlol yillarida mamlakatimizda qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, shaxs huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, sud-huquq tizimini shakllantirishga qaratilgan islohotlar o‘zining yuksak samaralarini berayotganini ta’kidladi. Sohani demokratlashtirish va liberallashtirishda huquqiy ta’lim muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda huquqiy ta’lim va ma’rifatni, jamiyatda huquqiy bilimlar targ‘ibotini tubdan yaxshilashga yo‘naltirilgan maqsadli keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu aholining inson huquq va erkinliklariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga, fuqarolarda qonunga itoatkorlik tuyg‘usining yanada ortishiga xizmat qiladi.
Bu jarayonda huquqiy adabiyotlar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish, sifatini yaxshilash borasida 1992 yilda O‘zbekiston Adliya vazirligi huzurida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan “Adolat” nashriyoti tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan davrda nashriyotda olti yuzdan ortiq nomdagi sakkiz milliondan ortiq huquqiy adabiyotlar chop etildi. Ular orasida O‘zbekiston Respublikasining kodekslari, qonunlari, normativ-huquqiy hujjatlari, huquqshunoslikning turli sohalariga oid ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar, darslik, o‘quv qo‘llanmalar bor.
Davlatimiz rahbarining 2011 yil 30 dekabrdagi “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida”gi qarori mazkur nashriyotni ham zamon talablari darajasida modernizatsiya qilish, huquqiy adabiyotlarni nashrga tayyorlash va chop etish sifatini oshirish, xodimlarga ish va qalam haqi to‘lash ishlarini, kadrlar salohiyati va malakasini yuksaltirishda muhim omil bo‘ladi.
Tadbirda mamlakatimizda yuridik adabiyotlarni nashr etish va tarqatish bilan bog‘liq jarayonlarni yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Manba: O`zA




