Kengaytirilgan qidiruv

Loyiha samarali amalga oshirilmoqda


27.01.2012

Orolbo‘yida zamonaviy axborot texnologiyalari asosida Uzonline – “Yagona oyna” aloqa xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.

Bu yerda telekommunikatsiya tarmog‘i faoliyatini yaxshilash, sohaga yangi texnologiyalarni joriy etish va aloqa infratuzilmasini takomillashtirishga yo‘naltirilgan istiqbolli loyiha amalga oshirilayotir. Unga ko‘ra, shahar va tuman markazlarida raqamli telekommunikatsiya tizimi keng joriy etilib, optik tolali aloqa liniyalari orqali yuqori tezlikda so‘zlashuv va axborot uzatish, qabul qilish imkoniyatlari yaratilmoqda.

“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialiga qarashli Beruniy tumani telekommunikatsiya tarmog‘ida ochilgan Uzonline xizmatlarining savdo ofisi orqali mijozlar ana shunday qulay imkoniyatga ega bo‘ldi. Ularga xalqaro andozalarga mos telefon aloqasi, internet, faks, SDMA standartidagi mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

– Yuqori sifat va tezlikdagi internet tarmog‘idan bugungi kunda ko‘plab abonentlar foydalanmoqda, – deydi tuman telekommunikatsiya tarmog‘i rahbari Egambergan Abdullayev. – Yangi xizmat turlaridan foydalanuvchilar ham mablag‘ni, ham vaqtni tejamoqda.

Yaqin kunlarda Nukus shahri, Ellikqal’a, Amudaryo va Xo‘jayli tumanlarida ham Uzonline – “Yagona oyna” xizmatlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.


Manba: O`zA